U.F.Nasirov

1995 yilda tashkil etilgan Navoiy davlat konchilik instituti faoliyatining asosiy vazifasi respublika kon-metallurgiya sanoatining ustuvor sohalari bo’yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shu sohani rivojlantirish, ilmiy tahlil qilish hamda jahon fani va texnologiyasining eng zamonaviy yutuqlari negizida yangi ilg’or texnologiyalarni yaratish hamda ularni mamlakatimizning muayyan geologic va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda amaliyotga joriy etishdir. Kadrlar tayyorlashning sifatini oshirish maxsadida fan, ta’lim hamda ishlab-chiqarish orasida uzviy bog’liqlik tashkil etilgan va 3500 nafarga yaqin talabaga ega bo’lgan institutda o’qish dual tizimi asosida amalga oshirilayotgan bo’lib, yirik korxonalarda institut kafedralarining filiallari ham faoliyat yuritmoqda.

Oliy ta’lim muassasamizda “Konchilik” va “Metallurgiya” ixtisosliklari bo’yicha aspirantura ham ochilgan bo’lib, nomzodlik dissertasiyalari himoyasini o’tkazuvchi ixtisoslashgan kengash faoliyat ko’rsatmoqda. Mazkur kengashning ish faoliyati davrida 10 dan ortiq nomzodlik va 5 dan ortiq doktorlik dissertasiyalari muvaffaqiyatli yo’qlandi.

Talabalarning zamon talablari darajasida ta’lim olishlari uchun institutimizda kompyuterlar bilan jihozlangan 120 o’ringa mo’ljallangan 2 ta zaldan iborat kutubxona ham ishlab turibdi. Shuningdek, Olmaliq va Zarafshon shaharlaridagi fakultetlar hamda talabalar uyida tarmoq kutubxonalari tashkil etilgan bo’lib, kutubxonaning umumiy fondi-100632 ta kitobdan iborat. Mavjud electron adabiyotlar soni esa 1000 dan ortiq. Kutubxonadagi kompyuter markazida 40 ta kompyuter magistr va talabalar uchun xizmat ko’rsatayotir.

Institutimiz xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan ham aloqa qilib kelyapti. Jumladsan, o’quv ham ilmiy sohada keng kooperasiyani amalga oshirish maqsadida Moskva davlat konchilik universiteti, Moskva davlat po’lat va qotishmalar instituti, Moskva geologiya-qidiruv universiteti, Ukraina milliy konchilik universiteti, Rossiya federatsiyasi kimyoviy-texnologiyalar va noorganik materiallar bo’yicha ilmiy markazlar va Rossiya FAning Sibir bo’limi qoshidagi hisoblash texnologiyalari instituti hamda Tomsk politexnika universiteti bilan tuzilgan shartnomalar asosida hamkorlik qilinmoqda. Shu bilan birga institut xalqaro TEMPUS TACIS dasturining O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi oliy o’quv yurtlarida masofadan turib o’qitish loyihasida Germaniyaning Gamburg-Xarburg Texnika Universiteti, Gollandiyaning Twente Universitetlari bilan hamkorlikda ishtirok etib kelayotir. Talabalarga sifatli ta’lim berishda oliy ta’lim muassasamiz professor-o’qitivchilaridan 12 nafarining Ustoz jamg’armasi sovrindorlari sifatida bir qator xorijiy davlatlarda o’z malakalarini oshirib kelgani anchayin qo’l kelmoqda.

Institutdan Respublikada yagona bo’lgan “Ozbekiston konchilik xabarnomasi" jurnali nashrdan chiqarilayotganligini ham ta’kidlash o’rinlidir. Oliy ta’lim muassasamizda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo’nalishlari dasturiga kiritilgan dolzarb ilmiy muammolarni o’z ichiga olgan davlat byudjeti hisobidan yiliga 180 million so’m hajmdagi ilmiy tadqiqot ishlari hamda, bir necha yirik korxonalar bilan 100 million so’mdan ortiq xo’jalik shartnomalari asosida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Bir so'z bilan aytganda, Navoiy davlat konchilik instituti faoloyati mamlakatimiz iqtisodini yanada ko’tarishga xizmat qiladigan munosib mutaxassislarni tayyorlab berishga qaratilgan.

NDKI rektori, U.F.Nasirov

 

Хостинг от uCoz